INTI International University vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Kuni kecha O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor boshchiligida Malayziyaning INTI International University xalqaro reytinglar boshqarmasi boshlig‘i Prof. Dr. Cheng Wan Hee bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida tomonlar ilgari imzolangan Anglashuv memorandumi doirasida ishlarni jadallashtirish, ayniqsa, qo‘shma ilmiy maqolalar tayyorlash, birgalikdagi ilmiy loyiha va grantlarda ishtirok etish, o‘qituvchi va tadqiqotchilar almashinuvi, shuningdek, xalqaro ilmiy anjumanlarda hamkorlikni faollashtirish masalalarini muhokama qildilar.

 

 

Prof. Dr. Cheng Wan Hee INTI International University tomonidan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy seminarlar, masofaviy ma’ruzalar va ustoz-shogird dasturlari bo‘yicha keng imkoniyatlar mavjudligini ma’lum qildi hamda O‘zDJTU bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

O‘z navbatida, O‘zDJTU rahbariyati mavjud memorandum asosida amaliy faoliyatni kuchaytirish, qo‘shma ilmiy natijalarni oshirish va ikki tomonlama hamkorlikdan yuqori samaraga erishish muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni amaliy bosqichga o‘tkazish maqsadida yangilangan Yo‘l xaritasini ishlab chiqish va qo‘shma ilmiy faoliyatni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube