KIBERXAVFSIZLIK — RAQAMLI MAKONDA XAVFSIZLIK VA HUSHYORLIK!
Kiberxavfsizlik oyligi doirasida Rus filologiyasi fakultetida talabalarning raqamli makondagi xavfsizligini ta’minlash, internetdan foydalanish madaniyatini oshirish hamda kiberjinoyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda universitet profilaktika katta inspektori, mayyor M. Nurmuhammedova, universitet IMPBIB boshlig`i F. Xabiyeva hamda universitet psixologi Sh. Bostonov ishtirok etdilar.
Tadbir fakultet IMPBIB mutaxassisi I. Sa’diyeva, fakultet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi G. Nishonova hamda tyutor D. Izzatullayeva tomonidan tashkil etildi.
Tadbir davomida talabalarga internet tarmog‘ida uchraydigan turli tahdidlar, kiberfiribgarlik holatlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish, shubhali havolalar va noma’lum manbalardan keladigan xabarlarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lish yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
Shuningdek, kiberbulling, internet orqali sodir etiladigan huquqbuzarliklar, shaxsiy akkauntlar xavfsizligi va yoshlarning virtual makondagi huquqiy mas’uliyati xususida fikr almashildi. Psixolog tomonidan internetdagi salbiy axborotlar va virtual muloqotning yoshlar ruhiyatiga ta’siri, bunday vaziyatlarda to‘g‘ri munosabat bildirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir interaktiv muloqot tarzida davom etib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar. Hayotiy misollar asosida kiberxavfsizlik qoidalariga rioya qilish, raqamli savodxonlikni oshirish va internetdan mas’uliyat bilan foydalanishning ahamiyati yana bir bor ta’kidlandi.
Zero, raqamli makonda xavfsizlik — har birimizning hushyorligimiz va mas’uliyatimizdan boshlanadi!
2026-11-25 09-24