London Post tahririyati vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
19-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Angliyaning London Post tahririyati jurnalisti Raza Syed hamda “O‘zbekkosmos” agentligi Marketing va PR bo‘limi boshlig‘i Akmal Nazarov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet rektori I. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Xalqaro jurnalistika fakulteti dekani A. Metyakubov hamda rektorning axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi O. Ibragimov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida O‘zDJTU va London Post tahririyati o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, talabalar uchun tahririyatda onlayn va oflayn amaliyot o‘tash imkoniyatlarini yaratish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning ilmiy va publitsistik maqolalarini muntazam chop etish, xorijlik mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari va seminarlar tashkil etish, shuningdek, jurnalistika, media va kommunikatsiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, xalqaro investitsiya forumi yakunlari hamda universitet rektorining London Post nashriga bergan intervyusi yuzasidan ham muhokamalar o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish va belgilangan yo‘nalishlarda amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
