2025-yil 16-dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Ozarbayjon davlat chet tillar universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Ozarbayjon davlat chet tillar universitetidan professor Malaxat Maxarramova, sifatni ta’minlash va monitoring qilish bo‘limi xodimi Gunel Imanova, Konfutsiy instituti xodimi Nargiz Axundova, Roman tillari tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi Xadije Eyubova, Xalqaro munosabatlar va mintaqashunoslik fakulteti katta o‘qituvchisi Gulnora Afandiyeva, Falsafa va ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD Gunel Garayeva, Jahon tillari kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD Laura Zarbalieva, Tarjima fakulteti Zamonaviy tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi Nargiz Madatova, shuningdek, xalqaro munosabatlar yo‘nalishi o‘qituvchisi Harun Sadiqli hamda universitet talabalari ishtirok etdi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetidan esa rektor Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nosirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri D. Djuraev, Ikkinchi chet tili kafedrasi mudiri E. Muydinova hamda Ispan tili amaliy fanlar kafedrasi mudiri D. Baxronova qatnashdi.
Tadbirni rektor Ilxomjon Tuxtasinov ochib, qardosh O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalari ta’lim sohasida ham izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. U ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi asosida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik, xususan, 2025-yildan boshlab amalga oshirilayotgan akademik almashinuv dasturlarining ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilarning o‘zaro tashriflari, sayyor ma’ruzalar, xalqaro konferensiyalardagi ishtirok tajribasi muhokama qilindi. Shuningdek, almashinuv dasturlarini rivojlantirish, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ozarbayjon tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, xalqaro ilmiy anjumanlarda maqolalar bilan ishtirok etish, zamonaviy o‘qitish metodlari hamda ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur muloqot oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yangi ilmiy hamda akademik imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishini alohida qayd etdilar.