Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetida Knowledge Exchange Program (KEP) doirasida navbatdagi ilmiy-maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir “Ijtimoiy iqtisodiyot amaliyotda: Oʻzbekistondagi KOICA loyihalari tajribasi” mavzusiga bagʻishlanib, unda Koreya Respublikasining yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan KAIST magistratura dasturi bitiruvchisi hamda Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi (MDT) mutaxassisi ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan KOICA loyihalarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlariga qoʻshayotgan hissasi, taʼlim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari, shuningdek, Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi samarali hamkorlikning bugungi holati va kelgusidagi rivojlanish yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir ishtirokchilari KOICA tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning amaliy natijalari, ularning mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirishdagi oʻrni hamda xalqaro tajribani joriy etishdagi ahamiyati yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, talabalar tomonidan berilgan savollarga javoblar berilib, Koreya Respublikasining taʼlim tizimi, ilmiy tadqiqotlar va raqamli transformatsiya borasidagi ilgʻor tajribalari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv talabalarning xalqaro hamkorlik loyihalari haqidagi bilimlarini kengaytirish, ularning kasbiy va akademik rivojlanishiga koʻmaklashish hamda xorijiy tajribalarni chuqurroq oʻrganishlariga yordam beradi.
2026-06-10 12-27