O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Gruziya oliy ta’lim muassasalari vakillari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi
Muloqotda Gruziya Ta’lim va fan vazirligi Strategik rejalashtirish va xalqaro aloqalar departamenti rahbari Kaxa Xandolishvili hamda Tbilisi davlat universiteti Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Erekle Astaxishvili ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov Tbilisi davlat universiteti bilan quyidagi yo‘nalishlarda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarini bildirdi:
- talaba, professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar almashinuvi;
- ilmiy-amaliy dasturlar va loyihalarni ishlab chiqish;
- hamkorlikda anjumanlar, seminar-treninglar, malaka oshirish kurslari va stajirovka dasturlarini tashkil etish;
- O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida gruzin tilini o‘qitish tizimini joriy etish.
Shuningdek, rektor Ilxomjon Tuxtasinov hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi shartnoma va Yo‘l xaritasini ishlab chiqish ikki tomonlama aloqalarning huquqiy asosini mustahkamlashini ta’kidladi.
Tbilisi davlat universiteti prorektori Erekle Astaxishvili o‘zaro manfaatli hamkorlikni boshlashga tayyorligini bildirar ekan, shartnoma va Yo‘l xaritasi loyihalarini iloji boricha tez fursatda taqdim etishni so‘radi. Shuningdek, Gruziyada shartnomalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha normativ talablar mavjudligi va bu ma’lum vaqt talab etishini ma’lum qildi.
Ilxomjon Tuxtasinov Hukumat topshirig‘iga muvofiq yaqin kunlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasining Gruziyaga xizmat safari rejalashtirilganini bildirdi. Biroq Erekle Astaxishvili iyun oyida Tbilisi davlat universiteti rektori bilan birgalikda xorijiy safarlari rejalashtirilgani bois ushbu davrda delegatsiyani qabul qilish va shartnoma imzolash imkoni yo‘qligini aytdi.
Gruziya Ta’lim va fan vazirligi vakili Kaxa Xandolishvili ikki universitet o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasining tashrifini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni jadallashtirish va amaliy bosqichga o‘tkazish borasida kelishib oldilar.