O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti vakillari Janubiy Qozoqistonda tajriba almashmoqda
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetining Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar kafedrasi hamda Ingliz tili 2-fakultetining O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari Janubiy Qozoqistondagi nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Muxtor Auezov nomidagi ko‘p tarmoqli Janubiy Qozoqiston universitetida malaka oshirish kurslarida faol ishtirok etmoqda.
Tashrif doirasida qozoq hamkasblar tomonidan zamonaviy ta’lim talablari, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, kredit-modul tizimi, talabalarni darslarga qiziqtirish usullari, hammualliflikda maqolalar yozish hamda xorijiy nashrlarda tadqiqot tezislarini chop ettirish, ilmiy-amaliy loyihalarda hamkorlik qilish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashilmoqda.
Shuningdek, universitetning Qozoq tili va adabiyoti hamda Jurnalistika kafedralari tashabbusi bilan ushbu ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarning bitiruv malakaviy ishlarini himoya qilish jarayonida o‘zbekistonlik ustozlar ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari, Xalqaro jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilari Janubiy Qozoqistonda joylashgan kollej va litsey bitiruvchilari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazdi.
Qozoq va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar doirasida tashkil etilgan ushbu tajriba almashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik shartnomalarini imzolash ko‘zda tutilgan.