O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “AI and Beyond” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

30-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “AI and Beyond” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir sun’iy intellekt texnologiyalarining ta’lim jarayonidagi o‘rni, ularni samarali, axloqiy va ilmiy asoslangan holda joriy etish masalalariga bag‘ishlandi.

Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rahbariyati, xalqaro ta’lim tashkilotlari vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etib, ta’lim sohasida raqamli transformatsiya, pedagogik innovatsiyalar va global ta’lim makoniga integratsiya masalalari yuzasidan ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.

Tadbir doirasida Regional ingliz tili ofisi (RELO) vakillari, shuningdek, asosiy ma’ruzachi sifatida doktor Nodira Isamuxamedova tomonidan sun’iy intellekt va raqamli savodxonlik, ta’lim sifatini oshirishda AI texnologiyalarining imkoniyatlari bo‘yicha ilmiy tahlilga asoslangan ma’ruzalar taqdim etildi.

Konferensiyada xorijiy va mahalliy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, amaliyotchi pedagoglar hamda ta’lim sohasi mutaxassislari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida sun’iy intellektni til o‘qitish jarayoniga integratsiya qilish, ChatGPT va boshqa AI platformalaridan dars rejalashtirish, baholash va ta’lim sifatini oshirishda foydalanish, raqamli va akademik halollik, assistiv texnologiyalar hamda axloqiy me’yorlarga rioya qilish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Konferensiyaning asosiy yo‘nalishlari

Konferensiya doirasida yalpi majlisdan so‘ng ikki bosqichda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy seminar-treninglar (workshoplar) o‘tkazildi:

• Sun’iy intellekt va til ta’limi — ChatGPT va AI vositalaridan chet tillarni o‘qitishda samarali foydalanish strategiyalari, raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish.
• Ta’limda raqamli va axloqiy yondashuvlar — AI orqali baholash, mualliflik masalalari, akademik halollik va etik me’yorlar.
• Innovatsion pedagogik amaliyot — multimodal usullar, assistiv texnologiyalar va zamonaviy ta’lim platformalaridan foydalanish.

Shuningdek, “AI and Beyond: Classroom Realities and Teacher Voices” mavzusidagi muhokama sessiyasida o‘qituvchilarning amaliy tajribasi, muammolari va takliflari ilmiy muloqot asosida tahlil qilindi.

So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirib, o‘qitish va o‘rganish jarayonida yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkil etilgan mazkur konferensiya ta’lim sohasidagi global tendensiyalarni ilmiy asosda o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish hamda pedagog kadrlarning raqamli salohiyatini oshirishga xizmat qildi.

Yuqori saviyada tashkil etilgan “AI and Beyond” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish yo‘lida muhim platforma bo‘ldi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube