Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida 2023-yil 4-noyabr kuni Toshkentdagi Fransuz Alyansida O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’lim forumi o‘tkazildi.
Ushbu forum Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tashkilotchiligida Fransiyaning qator ilg‘or universitetlari, jumladan, shimoliy Parij Sorbonna universiteti, Campus France vakolatxonasi, Frankofoniya universitetlari agentligi, Erasmus xalqaro loyihalarining O‘zbekistondagi vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va respublikamizdagi ko‘plab universitetlarning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektorlari va mas’ullari o‘rtasida fikrlar almashinuvi hamda hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan suhbatlashish imkonini yaratdi.
Forumni Fransiya elchixonasining madaniyat va hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi Loran Oriol janoblari va ta’lim masalalari bo‘yicha attashesi Serj Bellini janoblari ochib berishdi.
Xalqaro tadbirda O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro ishlar bo‘yicha aloqalar prorektori Abdurahim Nosirov, oliygohning Fransuz tili nazariy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi G'ayrat Masharibov ishtirok etdi.
O’zDJTU vakillari forumga tashrif buyurgan Fransiya oliy ta’lim muassasalari va ta’limga aloqador tashkilotlar vakillari bilan hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan muzokaralar olib bordi. Jumladan, Frankofoniya universitetlar agentligi vakili, boshqaruv va menejment bo‘yicha mas’ul Vladimir Galabov bilan suhbatlashib, kelgusida universitet va tashkilot o‘rtasida aloqalar o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Shimoliy Parij-Sorbonna universiteti Ilmiy izlanishlar bo‘limi mas’uli Katrin Eyme bilan suhbatlashib, fransiyalik mutaxassisni universitetimizga taklif qildilar va kelgusi haftada hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqish uchun ishlab chiqarish uchrashuvi belgilashga erishildi.
Kunning ikkinchi yarmida Fransiya va O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi. Bu jarayon poytaxtdagi fransuz tili va Fransiyada ta’lim olishga qiziquvchi talabalar, jumladan, universitetning Roman-german filologiyasi fakulteti talabalari uchun ham qiziqarli va mazmunli bo‘ldi.