O‘zbekiston–Xitoy ta’limiy hamkorligi natijasida Xitoyda o‘zbek tili bo‘yicha yangi bakalavriat yo‘nalishi ochildi

O‘zbekiston–Xitoy ta’limiy hamkorligi natijasida Xitoyda o‘zbek tili bo‘yicha yangi bakalavriat yo‘nalishi ochildi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida ta’lim va gumanitar sohalardagi hamkorlik tobora kengayib bormoqda. Ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik aloqalari o‘zbek tili va madaniyatini Xitoyda keng targ‘ib etish, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda akademik almashinuvni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur hamkorlikning amaliy natijalaridan biri sifatida Xitoy Xalq Respublikasidagi Xi’an xalqaro tadqiqotlar universitetida (西安外国语大学) 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab “乌兹别克语” — “O‘zbek tili” to‘rt yillik mustaqil bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sifatida faoliyatini boshladi.

Mazkur yo‘nalish universitetning 2026-yilgi bakalavriat dasturlariga yangi yo‘nalish sifatida kiritilgan bo‘lib, uning tashkil etilishida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zDJTU va Xi’an xalqaro tadqiqotlar universiteti o‘rtasidagi hamkorlik 2025-yilda yangi bosqichga ko‘tarildi. 2025-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Xitoy innovatsion hamkorlik xalqaro forumida ikki universitet o‘rtasida rasmiy hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu kelishuv o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda konferensiyalar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.

Shuningdek, O‘zDJTU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A. Nasirovning Xi’an shahriga tashrifi davomida Xi’an xalqaro tadqiqotlar universiteti prorektori Deng Ying bilan uchrashuv o‘tkazilib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish, xususan, Xitoyda o‘zbek tilini o‘qitish va ushbu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Xi’an xalqaro tadqiqotlar universiteti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolanishi ham mazkur jarayonning muhim bosqichlaridan biri bo‘ldi.

Ushbu kelishuvlar natijasida o‘zbek tilini Xitoyda mustaqil ta’lim yo‘nalishi sifatida rivojlantirish, uning o‘quv-uslubiy bazasini shakllantirish va sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun zarur akademik zamin yaratildi.

Bu jarayonda O‘zDJTU professori, pedagogika fanlari doktori Shahlo Shukrullaevna Yuldashevaning ilmiy-pedagogik faoliyati ham alohida ahamiyatga ega. U 2026-yil 1-martdan boshlab Xi’an xalqaro tadqiqotlar universitetida ilmiy-pedagogik xizmat safarida bo‘lib, yangi yo‘nalish uchun o‘zbek tilini o‘qitishga oid o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish ishlarida ishtirok etdi.

Yangi bakalavriat dasturi talabalarda o‘zbek tili bo‘yicha tinglash, gapirish, o‘qish, yozish va tarjima qilish ko‘nikmalarini shakllantirish bilan bir qatorda, O‘zbekistonning tarixi, adabiyoti, madaniyati, siyosati, iqtisodiyoti, ijtimoiy hayoti va boshqa sohalari haqida kompleks bilim berishga qaratilgan.

Dastur bitiruvchilarni diplomatiya, tashqi iqtisodiy va savdo munosabatlari, madaniy almashinuv, matbuot va nashriyot, ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot sohalarida faoliyat yuritishi uchun zarur kompetensiyalar bilan ta’minlashni maqsad qiladi.

Xi’an xalqaro tadqiqotlar universitetida o‘zbek tilining mustaqil bakalavriat yo‘nalishi sifatida yo‘lga qo‘yilishi nafaqat ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy natijasi, balki O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’limiy, ilmiy va madaniy-gumanitar aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganining muhim ko‘rinishidir.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube