O‘zDJTU diplomlari xalqaro miqyosda tan olinadi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “Xorijiy tillar va adabiyot (ingliz tili)” ta’lim yo‘nalishi Indoneziyaning rasmiy Ta’lim dasturlarini akkreditatsiyalovchi tashkiloti — LAMDIK (Lembaga Akreditasi Mandiri Kependidikan) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Mazkur natija nafaqat universitet, balki mamlakatimizdagi xorijiy tillar yo‘nalishida ta’lim beruvchi oliy ta’lim muassasalari uchun ham muhim bosqich bo‘lib, ta’lim sifati va xalqaro talablarga muvofiqlikning amaliy tasdig‘idir.
Akkreditatsiya jarayoni doirasida LAMDIK tashkiloti vakillari joriy yilning 31-iyunidan 3-iyulgacha O‘zDJTUga tashrif buyurib, ta’lim yo‘nalishining o‘quv dasturlari, professor-o‘qituvchilar salohiyati, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda boshqaruv tizimini chuqur tahlil qildilar.
Tashrif natijalari asosida “Xorijiy tillar va adabiyot (ingliz tili)” yo‘nalishining xalqaro standartlarga to‘la javob berishi tasdiqlandi va rasmiy akkreditatsiya sertifikati taqdim etildi.
Sertifikat universitetga Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakili — hurmatli Sintia Kristiani Sae xonim tomonidan shaxsan topshirildi.
Ushbu yutuq O‘zDJTU jamoasining xalqaro hamkorlik, sifatli ta’lim va innovatsion yondashuvga asoslangan izchil faoliyatining natijasidir.
Ma’lumot uchun:
LAMDIK — Indoneziya Respublikasining rasmiy ta’lim sifatini baholovchi mustaqil tashkiloti bo‘lib, ta’lim dasturlarining xalqaro darajadagi ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan akkreditatsiya faoliyati bilan shug‘ullanadi.
LAMDIK tashkiloti INQAAHE (International Network for Quality Assurance Agencies in Higher Education) hamda QAHE (International Association for Quality Assurance in Pre-Tertiary & Higher Education) kabi xalqaro akkreditatsiya tarmoqlarida ro‘yxatga olingan bo‘lib, global miqyosda tan olingan sifat kafolatlovchi tashkilot hisoblanadi.