O‘zDJTU Kengashining 11-son yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
30-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida universitet Kengashining 11-son yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish universitet O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor i M.Ch. Chutpo‘latov raisligida o‘tkazildi.
Kengash kun tartibiga universitet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlariga oid qator dolzarb masalalar kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari, Hukumat hujjatlari hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining topshiriqlari ijrosi, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash holati muhokama qilindi.
Shuningdek, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus doirasida amalga oshirilgan ishlar, xalqaro hamkorlik yo‘nalishida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar, xalqaro investitsiyalar va grant mablag‘larini jalb etish, ta’lim xizmatlari eksporti, ilmiy izlanuvchilar faoliyati samaradorligi monitoringi hamda 2025/2026-o‘quv yilidagi talabalar harakati yuzasidan hisobotlar tinglandi.
Yig‘ilish davomida universitet Kengashi faoliyati va qabul qilingan qarorlar ijrosi, Rus filologiyasi fakulteti talabalarining amaliyot jarayoni ham muhokama qilindi.
Kun tartibidagi “Turli masalalar” bo‘limi doirasida doktorant va mustaqil izlanuvchilarning xorijdagi ilmiy stajirovkalari natijalari, universitet ilmiy jurnallari faoliyati, Prezident va nomli davlat stipendiyalariga nomzodlarni tavsiya etish, professor-o‘qituvchilarning mehnat ta’tili, 2026/2027-o‘quv yili uchun Kengash ish rejasini tasdiqlash, tyutorlik faoliyati samaradorligi hamda pedagog kadrlarning malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Kengashda bir qator tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarning dissertatsiya mavzulari tasdiqlandi. Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy monografiyalarini nashrga tavsiya etish, professor va dotsent ilmiy unvonlariga hamda lavozimlarga tavsiya etish masalalari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan mas’ullarning axborot va hisobotlari tinglanib, ularni amaliyotga samarali tatbiq etish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
2026-06-30 08-56