O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov Hiromu Yamagishini CEFR davlat sertifikatini qo‘lga kiritgani bilan tabrikladi
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov Yapon filologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi, Yaponiyadan tashrif buyurgan mutaxassis Hiromu Yamagishi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida rektor Hiromu Yamagishini o‘zbek tilini bilish darajasini tasdiqlovchi CEFR davlat sertifikatini muvaffaqiyatli qo‘lga kiritgani bilan samimiy tabriklab, ushbu yutuq uning o‘zbek tili, milliy qadriyatlarimiz va madaniyatimizga bo‘lgan yuksak hurmatining yorqin namunasi ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, kelgusidagi ilmiy-pedagogik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, universitet jamoasi nomidan ezgu tilaklarini bildirdi.
Suhbat davomida Hiromu Yamagishining universitetdagi faoliyati, ta’lim jarayonidagi ishtiroki hamda o‘zbek tilini o‘rganish borasidagi izchil sa’y-harakatlari yuqori baholandi. Ta’kidlanganidek, u uch yildan buyon O‘zDJTUning Yapon filologiyasi kafedrasida samarali mehnat qilib, talabalarga yapon tilidan saboq berish bilan birga, mashg‘ulotlarda o‘zbek tilidan faol foydalanib kelmoqda. Davlat tilimizni puxta o‘zlashtirish yo‘lidagi intilishi natijasida CEFR davlat sertifikatini qo‘lga kiritgani xorijlik mutaxassislar uchun ham munosib namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda mazkur yutuq nafaqat universitet jamoasi, balki respublika ta’lim tizimi uchun ham muhim voqea ekani qayd etildi. Xususan, Hiromu Yamagishining muvaffaqiyati Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan ham e’tirof etilib, agentlikning rasmiy axborot sahifalarida o‘zbek tilini targ‘ib qilayotgan xorijlik mutaxassis sifatida keng yoritilgani alohida e’tibor bilan tilga olindi.
Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini yanada rivojlantirish, yapon tilini o‘qitish sifatini oshirish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashdilar. Rektor Ilhomjon To‘xtasinov universitet xalqaro aloqalarini mustahkamlashda xorijlik mutaxassislarning o‘rni muhim ekanini ta’kidlab, Hiromu Yamagishining bu boradagi tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Hiromu Yamagishi yana bir bor samimiy qutlanib, unga mustahkam sog‘lik, ilmiy-pedagogik faoliyatida yangi yutuqlar hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stona va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.
2026-06-28 12-21