O‘zDJTU talabalari Xitoyda xalqaro yozgi lager dasturida ishtirok etadi

O‘zDJTU talabalari Xitoyda xalqaro yozgi lager dasturida ishtirok etadi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Xitoy Xalq Respublikasining Dalian texnologiya universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida talabalar uchun navbatdagi xalqaro ta’lim imkoniyati yaratildi.

11-iyul kuni ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida 2024-yil 17-iyulda imzolangan Anglashuv memorandumi asosida Xitoy Xalq Respublikasiga yo‘l olayotgan o‘qituvchi va talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Memorandum ta’lim, ilmiy-tadqiqot ishlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar akademik almashinuvini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Ma’lumot uchun, 2026-yil 12–27-iyul kunlari Dalian texnologiya universitetida xalqaro yozgi lager dasturi tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetining xitoy tili yo‘nalishida tahsil olayotgan 12 nafar talabalar ishtirok etadi. Guruh rahbari sifatida xitoy tili o‘qituvchisi Ashurova Zulayxo hamrohlik qiladi.

Dastur davomida talabalar xitoy tili bo‘yicha amaliy nutqiy ko‘nikmalarini takomillashtirish, zamonaviy ta’lim metodlari bilan tanishish, Xitoy tarixi, madaniyati va urf-odatlarini bevosita o‘rganish hamda xalqaro muhitda muloqot tajribasini oshirish imkoniga ega bo‘ladilar.

Mazkur loyiha universitetning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik aloqalarni mustahkamlash hamda istiqboldagi qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Uchrashuvda O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov hamda xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor A. Nasirov talabalarga safar davomida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, O‘zbekiston va universitet sha’niga munosib vakil bo‘lish, turli noqonuniy guruhlar hamda g‘oyaviy oqimlar ta’siriga tushib qolmaslik, asosiy e’tiborni bilim va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratish zarurligini alohida ta’kidladilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube