O‘zDJTUda Amerika Xalqaro Ta’lim Kengashi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 18-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga Amerika Xalqaro Ta’lim Kengashining Oliy ta’lim dasturlari bo‘limi rahbari Grehem Xettinger hamda tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Dinara Seitnazarova tashrif buyurdi.
Mehmonlarni universitetning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A. Nasirov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori O. Yusupov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yo‘ldashev hamda bo‘lim yetakchi mutaxassisi K. Alimova kutib oldi.
Uchrashuv davomida Amerika Xalqaro Ta’lim Kengashi faoliyati, uning xalqaro ta’lim, akademik almashinuv, til o‘rganish, ta’lim sohasidagi tadqiqotlar va kasbiy rivojlanish yo‘nalishlarida amalga oshirayotgan loyihalari haqida fikr almashildi.

Kengash quyidagi keng qamrovli ta’lim dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi:
• akademik almashinuv dasturlari;
• xorijda tahsil olish imkoniyatlari;
• xorijiy tillarni o‘qitish va til muhitiga moslashtiruvchi (immersion) dasturlar;
• o‘qituvchilar va professor-o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanish tashabbuslari;
• kasbiy tayyorgarlik va liderlik dasturlari;
• ta’lim sohasidagi tadqiqotlar va baholash ishlari;
• xalqaro stipendiya dasturlari;
• universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish loyihalari.
Uchrashuv chog‘ida Grehem Xettinger talabalar almashinuvi dasturlari, xususan AQSH oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun turli mamlakatlarda til va madaniy-ma’rifiy dasturlarni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, shu kungacha asosan Rossiya, Tojikiston va boshqa davlatlardagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tegishli dasturlar yo‘lga qo‘yilgan.

Tashrifning asosiy maqsadi AQSHlik talabalarning yozgi ta’til davrida O‘zDJTUda qisqa muddatli o‘zbek va rus tili hamda madaniyati kurslarida ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, 1–2 nafar talabaning bir semestr davomida universitetda o‘zbek tilini o‘rganishi uchun zarur shart-sharoitlar bilan tanishishdan iborat bo‘ldi.
Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov universitet mazkur yo‘nalishda katta tajribaga ega ekanligini ta’kidlab, bugungi kunda Yevropa, Osiyo va AQSHning qator universitetlari, jumladan Arizona universiteti talabalari uchun til va madaniyat dasturlari muvaffaqiyatli tashkil etib kelinayotganini qayd etdi. Shuningdek, Amerika Xalqaro Ta’lim Kengashi bilan hamkorlikda tegishli dasturlarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Muloqot davomida tomonlar AQSH universitetlari o‘qituvchi va talabalari uchun almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida Amerika Xalqaro Ta’lim Kengashi bilan talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish, malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, xorijiy talabalar uchun yangi ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va universitetning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Amerika Xalqaro Ta’lim Kengashi (American Councils for International Education) xalqaro ta’lim, akademik almashinuv, til o‘rganish, ta’lim sohasidagi tadqiqotlar va kasbiy rivojlanish yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi AQSHning yetakchi nodavlat notijorat tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Tashkilot 1974-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Vashington shahrida joylashgan.
50 yildan ortiq vaqt davomida Kengash ta’lim va xalqaro hamkorlik orqali xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.