O‘zDJTUda rahbar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
11-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Tadbirda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov yangi o‘quv yilida ilk bor talabalik safiga qadam qo‘ygan birinchi bosqich talabalari bilan uchrashib, ular bilan samimiy suhbat o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida talabalarga ta’lim jarayoni, universitetda yaratilgan imkoniyatlar, ilmiy-ijodiy va ijtimoiy loyihalarda ishtirok etish yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, yotoqxona, stipendiya, ta’lim sifati, xorijiy tillarni chuqur o‘rganish, xalqaro almashinuv dasturlari kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Rektor Ilxomjon Tuxtasinov yoshlarni doimo izlanuvchan, yangilikka intiluvchan va vatanparvar bo‘lishga chorlab, ularga o‘qish va hayot yo‘lida omad tiladi.
Birinchi bosqich talabalari esa o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, rektordan bevosita javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mazkur uchrashuv talabalar uchun nafaqat yangi ma’lumotlar manbai, balki universitet hayotiga tezroq moslashish va katta marralarni belgilashda qo‘llanma bo‘ldi.