O‘zDJTUda “Yangi daraxt — yangi nafas” shiori ostida hashar tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan qarori hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida keng ko‘lamli ekologik hashar tashkil etildi.
Universitetning bosh bino hududida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov, rahbariyat a’zolari hamda 100 dan ortiq talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.
Hashar davomida “Yangi daraxt — yangi nafas” shiori ostida hududga 400 ga yaqin manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. Tadbir nafaqat atrof-muhitni obodonlashtirish, balki talaba-yoshlarda ekologik ong va mas’uliyatni shakllantirishga xizmat qildi.
Mazkur tashabbus orqali universitet jamoasi yashil muhitni kengaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.