O‘zDJTUda “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot maqsadi – ilmdagi xotin-qizlar faoliyatini rivojlantirish” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 17-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida mamlakatimiz taraqqiyotida ilm-fan sohasi xotin-qizlarining rolini oshirishga bag‘ishlangan nufuzli anjuman o‘tkazildi. Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumanni O‘zDJTU rektori, professor Ilhomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ochib berib, bugungi kunda ayol olimalarning jamiyat hayotidagi o‘rni va ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlarni alohida e’tirof etdi. Shuningdek, tadbirning ochilish qismida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Yoshlar siyosati va ma’naviy-tarbiyaviy ishlar boshqarmasi mutaxassisi Dildora Solixo‘jayeva, “Olima” uyushmasi raisi, professor Raxbarxon Murtazaeva hamda O‘zbekiston davlat tarixi muzeyi direktori Jannat Ismoilova so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladilar.

 

 

Tadbirda Universitet “Olima” uyushmasi raisi D. Babajanova moderatorlik qildi. Forum doirasida universitet hayoti uchun yana bir muhim voqelik — Birodar shaharlar alyansi va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat kelgusida xalqaro ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Madaniy qismda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shoir Bobur Bobomurodning ayollarga bag‘ishlangan she’riy chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Forumning asosiy qismida soha mutaxassislari tomonidan dolzarb mavzularda ma’ruzalar taqdim etildi. Jumladan, gender tengligi, huquqiy davlat barpo etishda ayollarning faolligi, turkiy tilli xalqlar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik hamda xalqaro ilmiy loyihalarda o‘zbek olimalarining ishtiroki kabi masalalar chuqur tahlil qilindi. Ma’ruzachilar orasida nafaqat mahalliy professorlar, balki Turkiyaning Ankara universiteti vakili Dr. Sevil Piriyeva Karamaning ham ishtirok etishi anjumanning xalqaro nufuzini belgilab berdi.

 

 

Shuningdek, tadbirda yosh tadqiqotchilar, xususan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining shaxsiy tajribalari haqidagi chiqishlari talaba-qizlar uchun katta motivatsiya manbai bo‘ldi. Forum yakunida ilmiy faoliyatda samarali mehnat qilayotgan ayollar va tadbirning faol ishtirokchilari munosib taqdirlandilar.

Ushbu anjuman Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning ilmiy salohiyatini birlashtirish va ularning intellektual faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube