O‘zDJTUda “Yevropa tillari kuni”ga bag‘ishlangan xalqaro tadbir o‘tkazildi
30-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi hamda Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda “Yevropa tillari kuni”ga bag‘ishlangan xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari Renata Wrobel, siyosiy masalalar bo‘yicha mas’ul xodimi Michaela Zelenanska, Yunoniston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Paraskevi Tzeveleki, Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Guido De Sanctis, Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Lubomir Frebort, shuningdek, Shveysariya, Estoniya, Fransiya, Germaniya, Vengriya, Niderlandiya, Polsha, Ruminiya va Ispaniya elchixonalari vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda Britaniya Kengashining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Michael Houlgate, Germaniya Tashqi ishlar federal idorasi vakili Henrik Siegler, Gyote-Instituti O‘zbekiston direktori Barbara Anna Bernsmeir, Fransiya elchixonasining madaniyat masalalari bo‘yicha vakili Adrien Houguet hamda elchixonalarning ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlari, shuningdek, Alliance Française vakillari qatnashdi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Otabek Yusupov hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi vakillari so‘zga chiqib, xorijiy tillarning davlatlararo munosabatlar, madaniyatlararo muloqot, ta’lim va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi. Xususan, xorijiy tillarni o‘rganish, ko‘p tillilik, madaniyatlararo muloqotni kengaytirish hamda ta’lim sohasidagi xalqaro aloqalarni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mehmonlarga O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining faoliyati, so‘nggi yillarda erishgan yutuqlari, xalqaro maydondagi nufuzi hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqa videotaqdimot namoyish etildi.

“Yevropa tillari kuni”ning navbatdagi qismida Yevropa tillari va madaniyatlariga bag‘ishlangan parallel taqdimotlar hamda “Til va madaniyatlar yarmarkasi” tashkil etildi. Unda ishtirokchilar Yevropa mamlakatlarining tillari, madaniyati va an’analariga oid ma’lumotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.