Professor-o‘qituvchilarning Indoneziyadagi navbatdagi samarali uchrashuvi — STIKOM Bali Universitetida

2025-yil 13-dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi hamda Indoneziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma malaka oshirish dasturi doirasida professor-o‘qituvchilar STIKOM Bali universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari universitet jamoasi tomonidan samimiy kutib olinib, ta’lim jarayoni, zamonaviy o‘quv infratuzilmasi hamda talabalarning bilim olish muhiti bilan yaqindan tanishdilar.

Uchrashuv doirasida o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar STIKOM Bali universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan ochiq muloqot olib bordilar. Suhbatlar davomida ta’lim sifatini oshirish, ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, raqamli pedagogika, innovatsion yondashuvlar, madaniyatlararo kommunikatsiya hamda o‘zaro tajriba almashish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muloqot yakunida tomonlar kelgusida hamkorlik doirasini kengaytirish, yangi shartnomalar imzolash hamda qo‘shma ilmiy va ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdilar.

Shuningdek, tashrif dasturi doirasida delegatsiya a’zolari Indoneziyaning tarixiy va madaniy maskanlariga tashrif buyurib, mamlakatning boy madaniy merosi va an’analari bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu tashriflar akademik hamkorlik bilan bir qatorda madaniy muloqotni ham yanada mustahkamladi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube