16-dekabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetiga Uchtepa tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tashrif buyurdi. Shuningdek, uchrashuvni fakultet dekani Dilshod Djurayev ochib berdi.

Mazkur tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad talabalar oʻrtasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, xavfsizlik qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirishdan iborat.
Tashrif davomida mutaxassislar tomonidan talabalar bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etilib, ayniqsa qish mavsumida elektr energiyasi resurslaridan toʻgʻri, tejamkor va oqilona foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv jarayonida elektr jihozlaridan notoʻgʻri foydalanish oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar, yongʻin kelib chiqish sabablari hamda ularning oldini olish boʻyicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, mutaxassislar favqulodda vaziyatlar sodir boʻlganda toʻgʻri harakat qilish, vahimaga berilmasdan tezkor choralar koʻrish, xavfsiz hududlarga chiqish tartibi hamda tegishli xizmatlarga murojaat qilish bo‘yicha muhim maʼlumotlar bilan boʻlishdilar. Amaliy mashgʻulotlar orqali talabalar favqulodda holatlarda qanday harakat qilish lozimligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻldilar.

Uchrashuv yakunida esa talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar oldilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube