So‘nggi kunlarda ayrim axborot maydonlarida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti faoliyati yuzasidan bir qator biryoqlama va asossiz talqinlar tarqatilmoqda.
Avvalo, ta’kidlash joizki, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini amaldagi qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqadi. Universitetga kelib tushgan har bir murojaat belgilangan tartibda ro‘yxatga olinadi hamda vakolat doirasida o‘rganiladi.
Mazkur murojaat yuzasidan ham universitet tomonidan murojaatchi bilan aloqa o‘rnatilgan. Xususan, murojaatda keltirilgan ilmiy ishlanma va uni ishlab chiqqan tashkilot faoliyati to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlar hamda tegishli hujjatlarni universitetning rasmiy elektron pochta manziliga taqdim etish so‘ralgan.
Biroq, universitetning rasmiy elektron pochta manzili orqali so‘ralgan hujjatlar va qo‘shimcha ma’lumotlar murojaatchi tomonidan hozirgi kunga qadar to‘liq taqdim etilmagani sababli murojaatni mazmunan yakuniy ko‘rib chiqish imkoniyati yuzaga kelmagan. Shu bois mazkur masala belgilangan tartibda ish jarayonida qolmoqda.
Shu nuqtai nazardan, universitet murojaatni ko‘rib chiqmagan yoki ilmiy muloqotdan bosh tortgan degan xulosalar mavjud holatni to‘liq aks ettirmaydi. Murojaatni har tomonlama va xolis ko‘rib chiqish uchun zarur hujjatlar hamda asoslovchi ma’lumotlarning taqdim etilishi muhim hisoblanadi.
Universitet ilmiy hamkorlik va akademik muloqotga doimo ochiq bo‘lib, bunday jarayonlar amaldagi tartib-taomillar hamda akademik me’yorlar asosida tashkil etiladi.
Jamoatchilikdan tekshirilmagan va biryoqlama talqin qilingan axborotlarga tanqidiy yondashish hamda xulosa chiqarishda faqat ishonchli va rasmiy manbalarga tayanish so‘raladi.