Roman-german filologiyasi fakulteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi N. Sabirova hamda universitet psixologi Sh. Bo‘stonova tomonidan 5-sonli talabalar turar joyiga reja asosida tashrif amalga oshirildi.
Mazkur tashrif davomida talabalar, xususan talaba-qizlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazildi. Suhbat jarayonida ularning yashash sharoitlari, o‘qish jarayoniga moslashuvi, psixologik holati, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish hamda ijtimoiy faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, universitet psixologi tomonidan stressni yengish, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Talabalarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, mavjud muammolarni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli tushuntirish ishlari olib borildi.
Mazkur uchrashuv talaba-qizlarning ijtimoiy-psixologik holatini yaxshilash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qildi.