Talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar jurnalistlarga namoyish etildi

Talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar jurnalistlarga namoyish etildi

22-avgust kuni yangi o‘quv yili arafasida ommaviy axborot vositalari vakillarini talabalarni turar joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Press-tur davomida jurnalistlar, blogerlar va OAV vakillari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurib, talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyati, mavjud talabalar turar joylari hamda ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov press-tur ishtirokchilariga universitetda talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, OAV vakillariga universitet tasarrufidagi mavjud talabalar turar joylari, davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan talabalar turar joylari hamda ularda talabalar uchun yaratilgan yashash sharoitlari namoyish etildi.

Talabalar turar joylarida yashash xonalari, sanitariya-gigiyena sharoitlari, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, xavfsizlik choralari hamda talabalar uchun yaratilgan qulayliklar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi talabalar uchun sariq taktil yo‘laklar o‘rnatilgani, ular talabalarning binolar bo‘ylab mustaqil va xavfsiz harakatlanishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Press-tur ishtirokchilari universitet hududida qurilayotgan yangi talabalar turar joyi bilan ham tanishdilar. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori jurnalistlarga qurilish ishlari jarayoni, obyektning bugungi holati hamda talabalar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.

Mazkur loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. 9 qavatli, 1 100 o‘rinli yangi talabalar turar joyi qurilishi 2025-yil 18-martda boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati 80,8 milliard so‘mni tashkil etib, shundan 45,8 milliard so‘mi xususiy tashabbuskor, 35 milliard so‘mi esa davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda.

Tashrif davomida jurnalistlar talabalarni joylashtirish, ijara xonadonlarini shakllantirish, yangi talabalar turar joyi qurilishi va talabalar uchun zarur sharoitlarni yaratish masalalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ul mutasaddilardan javob oldilar.

Ma’lumot uchun:

• O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tasarrufidagi 7 ta talabalar turar joyida yangi o‘quv yiliga 3 441 ta o‘rin tayyorlandi.

• Shundan 374 ta o‘rin o‘g‘il talabalar, 3 067 ta o‘rin esa qiz talabalar uchun mo‘ljallangan.

• Talabalarni turar joy bilan qamrab olishni kengaytirish maqsadida 1 630 ta ijara xonadoni aniqlanib, ularda 10 457 ta o‘rin tayyorlandi.

• 2026–2027-o‘quv yili uchun jami 13 898 ta o‘rin tayyorlandi. Shundan 3 441 tasi talabalar turar joylarida, 10 457 tasi esa ijara xonadonlarida tashkil etilgan.

• Talabalarni talabalar turar joylariga joylashtirish Billing.edu.uz elektron tizimi orqali ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.

• Bugungi kunga qadar talabalar turar joyidan joy olish uchun 5 014 ta ariza kelib tushgan.

• Universitetda 9 qavatli, 1 100 o‘rinli yangi talabalar turar joyi qurilmoqda. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.

 
 
 
 
FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube