Nazarov Vahobjon Shamshidinovich “Ta’lim jarayonini tashkil etish” bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi
Nazarov Vahobjon Shamshidinovich O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “Ta’lim jarayonini tashkil etish” bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Mazkur tayinlovga qadar u Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Nazarov Vahobjon Shamshidinovich 1987-yil 23-noyabrda Navoiy viloyati, Xatirchi tumanida tug‘ilgan. 2012-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti magistraturasini tamomlagan. Mutaxassisligi — lingvistika (fransuz tili).
U pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega. Fransuz, rus va ingliz tillarini biladi. “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Mehnat faoliyatini O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida boshlagan. 2012–2014-yillarda Axborot texnologiyalari markazi muhandisi, “Tillar o‘qitish metodikasi” hamda “Fransuz tili nazariyasi va amaliyoti” kafedralarida o‘qituvchi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2014–2018-yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Chet tili o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazida kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.
2018–2020-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini, 2020–2026-yillarda esa mazkur universitet O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Yangi lavozimida Nazarov Vahobjon Shamshidinovichga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyat tilaymiz!