“TILIM — FAXRIM, G‘URURIM VA IFTIXORIM!”

“TILIM — FAXRIM, G‘URURIM VA IFTIXORIM!”

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Ingliz tili 2-fakulteti hamda O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi hamkorligida “Tilim — faxrim, g‘ururim va iftixorim!” mavzusida adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligiga bag‘ishlanib, ona tilimizning milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimiz va madaniyatimizdagi beqiyos o‘rnini ulug‘lash, yoshlar qalbida tilga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. Shundan so‘ng o‘zbek tilining boy tarixi, betakror jozibasi va jamiyat hayotidagi ahamiyatini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.



Tadbirda O‘zDJTU rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ishtirok etib, ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini oshirish va yosh avlodda milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, Umummilliy diktant tanlovi g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi.

Filologiya fanlari doktori, professor Ravshanxo‘ja Rasulov o‘z ma’ruzasida o‘zbek tilining boy imkoniyatlari, tarixiy taraqqiyoti, adabiy til me’yorlariga rioya qilish hamda ona tilining jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida fikr yuritdi.

Tadbirning badiiy qismida talabalar tomonidan ona tilimizni madh etuvchi she’rlar, milliy raqslar va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Mehmon san’atkorlarning chiqishlari esa bayramga o‘zgacha fayz va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Mazmunan boy va badiiy jihatdan rang-barang o‘tgan tadbir ishtirokchilarda ona tiliga mehr, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Zero, ona tili — millatning ruhi, xalqning bebaho boyligi va kelajak avlodlarga yetkaziladigan ma’naviy merosidir!

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube