Turkiyalik mutaxassislar O‘zDJTUning ta’lim tizimi va zamonaviy infratuzilmasi bilan tanishdilar
2026-yil 10-iyun kuni “Qadimiy so‘z izida: Turkiya–O‘zbekiston til va adabiyoti mutaxassislar almashinuvi dasturi” doirasida Turkiya Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ta’lim, ilmiy-tadqiqot va xalqaro faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida mehmonlarga universitetda talaba-yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, o‘quv jarayonining tashkil etilishi hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha joriy etilgan ilg‘or tajribalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab universitet fakultetlari faoliyati bilan tanishib, ta’lim jarayonlarida qo‘llanilayotgan innovatsion pedagogik texnologiyalar, amaliy mashg‘ulotlar va talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumot oldilar.
Shundan so‘ng mehmonlar universitet Axborot-resurs markazida bo‘lib, talabalarga yaratilgan zamonaviy kutubxona xizmatlari, elektron ma’lumotlar bazalari, raqamli ta’lim resurslari hamda ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar.
Tashrif davomida delegatsiya vakillari universitetning amaliy va innovatsion markazlari faoliyatini ham ko‘zdan kechirdilar. Ularga ta’lim jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Mehmonlar universitet sport majmualarida ham bo‘lib, futbol, voleybol, stol tennisi va boshqa sport turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarni kuzatdilar. Talabalarning sport musobaqalari va ko‘rgazmali chiqishlari delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, mehmonlar O‘zDJTUda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish hamda zamonaviy sport infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadilar.
Delegatsiya vakillari universitetning ta’lim sifati, ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlikdagi faol ishtiroki hamda talabalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib, O‘zDJTUda amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilgan sharoitlarni alohida e’tirof etdilar.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda istiqboldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.