O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, hudud sanoati va infratuzilmasining rivojlanishi, mahallalarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Navoiy shahrida yangi tashkil topgan "Farovon" mahallasida bo‘lib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Davlatimiz rahbari shu yerdagi 22-umumta’lim maktabida ham bo‘ldi.

Prezident maktabdagi maqsadlari yuksak o‘quvchilar bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida maktabning faol o‘quvchilaridan, o‘z maqsadini, kelajak uchun  tuzgan aniq rejalari haqida so‘zlab bergan Mardonava Marjona Jasur qiziga maktabni tamomlagandan so‘ng O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining davlat granti asosida qabul qilinishi uchun mutasaddilarga topshiriq berdi. 

Berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida 31-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Madaminovich boshchiligidagi oliygoh rahbariyati vakillari  Navoiy viloyatidagi 22-umumta’lim maktabiga borib, universitetning bo‘lajak talabasiga maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Uchrashuvda shuningdek, Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Jahongir Qalandarov, Navoiy viloyati umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi mutaxassisi Yunus Ne’matov, Navoiy shahar 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nilufar O‘roqova va Zafar Boltayevlar ishtirok etdi.

Rektor Marjona Mardonava kelgusidagi o‘qish va ishlarida omadlar tilab, baland marralarni zabt etishdan tolmaslikni, faqat ilm olib, izlanib, yurtimiz nomini butun dunyoga tanitishdek yuksak sharafga musharraf bo‘lishini tiladi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube