“Yevropa tillari kuni”: Yevropa tillari va madaniyatlari bo‘yicha parallel seksiyalar tashkil etildi

“Yevropa tillari kuni”: Yevropa tillari va madaniyatlari bo‘yicha parallel seksiyalar tashkil etildi

“Yevropa tillari kuni”ga bag‘ishlangan xalqaro tadbirning asosiy qismi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida parallel seksiyalar shaklida davom etdi.

Tadbir doirasida Yevropa davlatlari diplomatik vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar va madaniy markazlar vakillari tomonidan turli Yevropa tillari va mamlakatlar madaniyatiga bag‘ishlangan 25 daqiqalik taqdimotlar o‘tkazildi.

 



Taqdimotlar universitetning kompyuter va ekranlar bilan jihozlangan 4 ta kichik ma’ruzalar zalida bir vaqtning o‘zida tashkil etildi. Unda talabalar turli Yevropa tillaridagi kundalik iboralar, so‘zlashuv xususiyatlari, tilning o‘ziga xos jihatlari, milliy madaniyat va an’analar bilan yaqindan tanishdilar.

Seksiyalarda Italiya, Ruminiya, Chexiya, Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Vengriya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Polsha, Estoniya, Niderlandiya kabi mamlakatlarning tillari va madaniyatiga oid taqdimotlar o‘tkazildi. Diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar va madaniy markazlar vakillari talabalar bilan bevosita muloqot qilib, o‘z mamlakatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdilar.

Alohida seksiyalarda talabalar uchun til o‘rganishga oid interaktiv mashg‘ulotlar, kundalik muloqotda qo‘llaniladigan iboralar va madaniy savol-javoblar tashkil etilib, ishtirokchilarning faol qatnashishi ta’minlandi.

Shuningdek, universitet foyesida “Til va madaniyatlar yarmarkasi” tashkil etildi. Unda ishtirokchi mamlakatlar uchun alohida stol va stendlar ajratilib, ularning tili, tarixi, madaniyati, milliy an’analari va ta’lim imkoniyatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazma materiallari namoyish qilindi.

Yarmarkada Yevropa davlatlari elchixonalari va tashkilotlari vakillari bilan bir qatorda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining volontyor talabalari ham faol ishtirok etdi. Talabalar mehmonlarni kutib olish, muloqotni tashkil etish va tarjimonlik jarayonlarida ko‘maklashdilar.

 



Tadbir davomida O‘zDJTU talabalari Yevropa mamlakatlari tillari va madaniyatlari bilan bevosita tanishish, turli davlatlar vakillari bilan muloqot qilish, xorijiy tillarni amaliy muhitda qo‘llash hamda xalqaro ta’lim imkoniyatlari haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

“Yevropa tillari kuni” doirasidagi mazkur seksiyalar talabalarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ko‘p tillilik va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga yo‘naltirildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube