Yig‘ilish davomida universitet jamoasi uchun quvonchli voqealar ham bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Tarjimonlik fakulteti “Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi Ahmad Jasim Abbas Al-Zubaydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq “Mehnat shuhrati” ordeni davlat mukofoti bilan taqdirlangani munosabati bilan tantanali ravishda qutlandi. Mazkur yuksak mukofot ustozning ko‘p yillik samarali ilmiy-pedagogik faoliyati, arabshunoslik va tarjimashunoslik yo‘nalishlaridagi salmoqli hissasi hamda yosh mutaxassislarni tayyorlashdagi fidokorona mehnatining yuksak e’tirofi sifatida baholandi.
Shuningdek, Kengash qaroriga muvofiq Ahmad Jasim Abbas Al-Zubaydiga “O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti faxriy professori” unvoni berildi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Kengashi yig‘ilishi davomida ilmiy daraja olgan professor-o‘qituvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Quyidagi professor-o‘qituvchilarga ilmiy daraja beruvchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi:
Akbarov Azamat Akromjonovich – Sharq filologiyasi fakulteti “Koreys filologiyasi” kafedrasi o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Sarimsakova Dilafruz Muhammadjonovna – Ingliz filologiyasi fakulteti “Ingliz tili amaliy aspektlari” kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari doktori (DSc).
Bozorov Abdusodiq Abdurayimovich – Ingliz tili 1-fakulteti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi katta o‘qituvchisi, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Taqdirlash marosimida ilmiy izlanishlar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning yutuqlari e’tirof etildi hamda ularga universitet rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
2026-06-08 11-25