1-may kuni Uchtepa tumani hokimi OʻzDJTUga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida “Yoshlar bilan ochiq muloqot” boʻlib oʻtdi. Tuman hokimi Farhod Abdullayev universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov va universitet rahbariyati vakillari bilan birgalikda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari uchun qurilib, foydalanishga topshirilishi kutilayotgan 1500 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Qurilish boshlanayotgan ana shu obyektni tuman hokimi va universitet rektori koʻzdan kechirishib, bino atrofiga mevali va manzarali daraxtlar ekishdi. Daraxt ekish jarayonlari tugagach, tuman hokimi universitet kutubxonasida boʻldi va u yerda talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, hokim Farhod Abdullayev universitet kutubxonasi uchun 50 dan ortiq badiiy kitoblar sovgʻa qildi. Tashrif doirasida hokim va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Universitet talabalari faol ishtirok etgan uchrashuvda tuman hokimi ularni qiynayotgan muammolar bilan qiziqdi. Talabalarning muammosi va takliflarini tinglab, ularga yechim topishini, takliflarni oʻrganib chiqishini, ijobiy hal qilinishini taʼkidladi. Shu bilan birga uchrashuvda ishtirok etgan iqtidorli va faol talabalarga oʻz dastxati tushirilgan badiiy kitoblardan sovgʻa qildi. Tuman hokimi endilikda universitetda bir qator sport turlari boʻyicha “Hokim kubogi” va 4 ta sektor rahbarlarining stipendiyasini taʼsis etish taklifini berdi. Uchrashuv qiziqarli savol va manfaatli javoblarga boy tarzda nihoyalandi.

2024-05-02 02-57

Bizning hamkorlar
Sayt xaritasi