O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti haqida

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) 1949-yilda Toshkent chet tillari pedagogika instituti nomi bilan faoliyatini boshlagan. Universitet 70 yillik tarixga ega.
1992-yil 12-maydagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-401-sonli Farmoni bilan Toshkent chet tillari pedagogika instituti hamda Respublika Rus tili va adabiyoti instituti birlashib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti maqomiga ega bo‘ldi.

Bugungi kunda universitetda 23 168  nafar talaba 20 ga yaqin xorijiy tilni jahon ta’lim standartlari asosida o‘rganmoqda. Har yili universitetda 27 ta ta’lim yo‘nalishida bakalavr, 19 ta ta’lim yo‘nalishida magistrlik darajasiga ega mutaxassislar tayyorlanadi.

Universitet talabalari chuqur bilim va ko‘nikmalar asosida til o‘rganish, o‘qitish, tarjima va talqin qilish malakalariga ega bo‘lmoqda. Kun sayin rivojlanib borayotgan tezkor zamonda ta’lim tizimi ham o‘zgarmoqda. Oliy ta’lim muassasasida til va madaniyat o‘rtasidagi aloqa ta’lim tizimining asosiy tamoyili hisoblanadi.
Ingliz tili birinchi, ikkinchi va uchinchi fakultetlari, Roman-german filologiyasi, Rus filologiyasi, Ingliz filologiyasi, Sharq filologiyasi fakultetlarida bo‘lajak pedagoglar til o‘qitishning sir-asrorlarini o‘rganmoqdalar. Tarjimonlik fakultetida esa ingliz, nemis, koreys, yapon, xitoy tili yo‘nalishlarida tarjima mahoratidan tahsil olmoqdalar. Xalqaro jurnalistika fakultetida esa mahoratli jurnalistlar yetishib chiqmoqda.

Aynan universitetda bir qator xorijiy tillar bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lgan talabalar bugungi kunda xalqaro miqyosda turli jabhalarda faoliyat yuritishmoqda. Universitet bitiruvchilaridan yetuk tarjimonlar, chet tili o‘qituvchilari, siyosatchilar, xalqaro tashkilotlar va turli qo‘shma korxonalarda faoliyat olib borayotgan yetakchi mutaxassislarning borligi universitet nufuzi naqadar yuqori ekanligini ifodalaydi.

2018-yilda AQSHning Vebster universiteti bilan imzolangan kelishuv asosida bir yillik magistratura akademik dasturi tashkil etildi. Mazkur magistratura dasturi Markaziy Osiyoda yagona hisoblanib, bu maskanda butun dunyo yoshlari tahsil olishlari mumkin.

Mamlakatda yagona hisoblangan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzurida Chet tillarini o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi chet tillarni o‘qitish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Bugungi kundagi ta’lim jarayoni jahon hamjamiyati talablariga javob beradigan tilshunoslar va tarjimonlar tayyorlashga qaratilgan. Binobarin, til xalqlar va elatlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, ular o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantiradigan yagona vositadir.

Hozirgi kunda Universitet jahonning 180 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Ular AQSH, Yevropa, G’arb, Arab, Afrika va MDH davlatlarining oliy ta’lim muasasalaridir. Ular orasida dunyoning TOP universitetlari, jumladan, Arizona Universiteti, Vebster Universiteti, Perdyu Universiteti (AQSH), Sank-Peterburg Davlat Universiteti, Moskva Davlat lingvistika Universiteti, Qozon Federal Universiteti (Rossiya), Sorbonna universiteti, Parij 2 universiteti (Fransiya), Gumboldt universiteti, Heidelberg universiteti, Bochum-Rur universiteti (Germaniya), Sevilya universiteti, Jaen universiteti, Kadis universiteti (Ispaniya), Reading universiteti, Portsmut universiteti (Buyuk Britaniya), Sulton Qabus universiteti (Oʻmon Sultonligi), Pekin xorijiy tillar universiteti, Shanxay xorijiy tillar universiteti, Tyanjin xorijiy tillar universiteti, Pekin tillar va madaniyat universiteti (Xitoy), Toyo universiteti, Tsukuba universiteti, Wakayama universiteti, Yaponiya raqamli universiteti, Tokio onlayn universiteti (Yaponiya), Soongsil  universiteti, Pusan ​​xorijiy tillar universiteti (Koreya), Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti, Xalqlar do‘stligi universiteti (Qozog‘iston) va boshqalar.

Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari talabalar, ilmiy xodimlar, oʻqituvchilar va maʼmuriy xodimlar almashinuvi, qoʻshma va xalqaro taʼlim va ilmiy loyihalar, oʻquv-uslubiy adabiyotlar va ilmiy maqolalar chop ettirish, xalqaro konferensiyalar, forumlar, simpoziumlar, seminarlar, vebinarlar, o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash faoliyati, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, qishki va yozgi maktablar tashkil qilish va boshqalar.

Joriy oʻquv yilida 200 ga yaqin professor-oʻqituvchi va 200 dan ortiq talaba (bakalavr, magistr, doktorant) hamkor universitetlarga oʻqish, malaka oshirish kurslarida qatnashish, xalqaro konferensiyalar, seminarlar, vebinarlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldilar. Universitetning rasmiy delegatsiya a’zolari xorijiy mamlakatlar universitetlariga hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun tashrif buyurdilar.

Hamkor universitetlar, elchixonalar, AQSH elchixonasi, KOICA, JICA, TIKA va shu kabi xalqaro tashkilotlar universitet talabalari va oʻqituvchilari uchun maʼruzalar oʻqish, amaliy mashgʻulotlar va mahorat darslarini oʻtkazish uchun koʻngilli oʻqituvchilarni universitetimizga yubormoqda.

Universitet har yili xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari, xalqaro tashkilotlar va universitetlar bilan hamkorlikda xalqaro konferensiyalar tashkil etadi. Jumladan, AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi har yili mamlakatimizda ingliz tilini oʻqitishni rivojlantirish boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazishga moliyaviy koʻmak beradi. Britaniya Kengashining O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda PRESETT loyihasi boʻyicha xalqaro konferensiya tashkil qilinadi. Toshkentdagi arab davlatlarining elchixonalari har yili dekabr oyida BMT tomonidan e’lon qilingan “Xalqaro arab tili kuni”ga bag‘ishlangan yillik xalqaro konferensiyani qo‘llab-quvvatlamoqda.

Universitet talabalari, tadqiqotchilari va oʻqituvchilari hamkorlar tomonidan kelishilgan shartlar va qoidalar asosida malaka oshirish kurslari, ilmiy loyihalar, xalqaro konferentsiyalar va seminarlarda ishtirok etish uchun hamkor universitetlarga tashrif buyurishadi.  Oʻz navbatida hamkor universitetlar vakillari oʻzaro hamkorlik asosida universitetga tashrif buyuradi.

Hozirgi kunda universitet Yaponiya raqamli universiteti, Moskva davlat lingvistika universiteti va Rossiyaning Adigey davlat universiteti bilan qoshma ta’lim dasturini amalga oshirib kelmoqda.  Hozirgi kunda Xitoy, Rossiya va Turkiya universitetlari bilan qoʻsh diplom dasturlarini joriy etish ustida ish olib borilmoqda.

Ta’lim xizmatini ko‘rsatish borasida O‘zDJTU oldida turgan bosh vazifalar quyidagilar:
• davlat ta’lim standartlariga muvofiq ilg‘or, zamonaviy ta’lim va kasb-hunar dasturlari asosida yuqori saviyali o‘qitishni tashkil qilish va malakali kadrlar yetishtirishni ta’minlash;
• yoshlarni milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasi hamda umuminsoniy qadriyatlarni bilish, Vatan, oila, tabiatga mehr va insonparvarlik ruhida tarbiyalash;
• rivojlangan mamlakatlarning yutuqlaridan foydalanib, BMTning rasmiy tillari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning yangi konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
• barcha ta’lim tizimlari uchun chet tili mutaxassislarini, o‘qituvchilarini, tarjimonlarni tayyorlash;
• turli tajribalar o‘tkazish yo‘li bilan o‘qitishning kompyuter texnikasi va audiovizual vositalarini qo‘llagan holda chet tillarni jadal o‘rgatish usullarini joriy etish;
• yuqori malakali xalqaro jurnalistlarni tayyorlash;
• tegishli sohadagi xorijiy ta’lim muassasalari bilan bevosita aloqalar o‘rnatish, ular bilan hamkorlik to‘g‘risida qisqa va uzoq muddatli shartnomalar tuzish;
• o‘zining intellektual imkoniyatlaridan foydalanish hisobiga valuta mablag‘lari jamg‘armasini tuzish;
• universitetning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va uning mulkini ko‘paytirish;
• xorijiy davlatlarda tashkil etilgan malaka oshirish, tajriba almashish o‘quv kurslarida professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirok etishlari uchun sharoit yaratish;
• xalqaro aloqalar asosida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
• xorijiy universitetlar bilan qo‘shma o‘quv dasturlar, qo‘shma diplom dasturlarini ishlab chiqish;
• xorijiy tajribadan foydalangan holda universitetda yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalar, dasturlar yaratish nazarda tutilgan. 

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube