I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshladi

I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshladi

7-iyul kuni Toshkent shahrida “I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi: Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi nufuzli xalqaro forumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

50 dan ortiq davlatlardan tashrif buyurgan davlat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli olimlar, din arboblari hamda ekspertlarni jamlagan forum islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, dinlararo muloqotni rivojlantirish, tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan forumning ochilish marosimida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov rahbarligidagi universitet jamoasi ham munosib ishtirok etmoqda.

Shuningdek, forumning yuksak saviyada tashkil etilishida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining volontyor tarjimon-talabalari ham faol ishtirok etib, xorijiy delegatsiyalar bilan muloqot jarayonlarida professional tarjimonlik xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Ularning mas’uliyatli mehnati va yuqori tayyorgarligi forum tashkilotchilari hamda xorijiy mehmonlar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Mazkur xalqaro forum 11-iyulga qadar Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘z ishini davom ettiradi. Dastur doirasida yalpi majlislar, xalqaro ilmiy konferensiyalar, kitob va innovatsion loyihalar taqdimotlari, madaniy tadbirlar hamda tarixiy meros obyektlariga tashriflar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube