O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi tomonidan “Masofata’limbot”ga yuborilgan murojaatda keltirilgan ma’lumotlar o‘rganib chiqilib, quyidagilar ma’lum qilinadi:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 824-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 8-bobi 41-bandida quyidagilar belgilangan:

“Bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizini va undan ortiq soatni sababsiz qoldirgan talaba ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi hamda mazkur fan bo‘yicha tegishli kreditlarni o‘zlashtirmagan hisoblanadi.”

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, har bir fakultet rahbariyati yakuniy nazorat imtihonlari boshlanishidan oldin fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizidan ortiq darslarni sababsiz qoldirgan talabalar ro‘yxatini talabalarga ma’lumot uchun e’lon qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Shartnoma topshirmaganlar va yakuniy nazoratga kirmaydigan talabalar ro‘yxati (faqat qizildagilar)” kabi ma’lumotlar ostida aynan tegishli fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizidan ortiq darslarni sababsiz qoldirgan va shu sababli yakuniy nazoratga ruxsat etilmaydigan talabalar nazarda tutilgan.

Shuningdek, davlat granti asosida tahsil olayotgan bitiruvchi talabalarning kelajakda ishga joylashish statistikasi ustida olib borilayotgan tahlil ishlari doirasida, hozirda ishlayotgan tashkilotlar bilan uch tomonlama shartnomalarni taqdim etish tavsiya etilgan.

Mazkur jarayon talabalarning yakuniy nazorat imtihonlariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qilamiz.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube