O‘zbekiston savdo palatasi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 4-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Italiya–O‘zbekiston savdo palatasi kengashi a’zosi Marko Farchi bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev hamda Italiyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri B. Ergasheva ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida Italiya oliygohlari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi. Jumladan, Marko Farchi O‘zDJTUda italyan tili bo‘yicha CELI test markazini ochish jarayonini jadallashtirish, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali Italiyaga yuboriladigan nomzodlarni test sinovlariga tayyorlash va sertifikatlash ishlarini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. U bu borada Ca’Foscari universiteti rahbariyati bilan muzokaralar olib borishini bildirdi.
Shuningdek, Samarqand shahrida Tushu universiteti filiali ochilishi, 20 mingdan ortiq talaba tahsil olayotgan Roma Tre universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi qayd etildi. Qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, xususan magistratura darajasida Italiyada bepul o‘qish imkoniyatlari mavjudligi ham alohida ta’kidlandi.
Rektor Ilxomjon Tuxtasinov O‘zDJTU tomonidan Italiya universitetlariga qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bir qator takliflar yuborilganini, ammo hozircha aniq javob olinmaganini bildirdi. Marko Farchi esa mazkur takliflarni Italiya tomoniga shaxsan yetkazishini ma’lum qildi.
Tomonlar 2026-yil fevral oyida Rim shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Italiya–O‘zbekiston Rektorlar Forumida hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda kengaytirishga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi.
Muhokama qilingan muhim masalalardan yana biri – Marko Poloning mashhur “Million” (“Il Milione”) asarini o‘zbek tiliga tarjima qilib chop etish va O‘zDJTUda uning taqdimotini o‘tkazish bo‘ldi. Tadbirda Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda Ca’Foscari universiteti rahbarlari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Mazkur taqdimotni 2025-yil oktyabr oyining birinchi yarmida o‘tkazish taklif qilindi.
Shuningdek, tomonlar Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalarida yangi qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.
Ushbu uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, talabalarga Italiya madaniyati va adabiy merosini chuqurroq o‘rganish imkonini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.