2025-yil 17-iyul kuni O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov E-Line Press kompaniyasi direktori va vakillarini qabul qildi.
Dastur avvalida kompaniya vakillariga universitet faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berildi hamda qisqa videorolik namoyish etildi.
E-Line Press kompaniyasi rahbari universitetda ta’lim sifatini oshirish maqsadida ilmiy tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun Rossiyaning “LAN” elektron kutubxonalarning resurslar bazasidan 1 yil davomida bepul foydalanishi uchun taqdim etilishi, platformadan foydalanish, jumladan jurnallar va manbalarni qidirish, nufuzli indekslangan jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish orqali universitetning reytingi va ilmiy salohiyatini oshirish bo‘yicha konsultatsiyalar berish hamda seminarlar tashkil qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
Shuningdek, Britaniyaning Oksford universiteti ilmiy jurnallarida maqolalarni 90% gacha bepul chop etish imkoniyati haqida so‘zlab berdi hamda Oksford universiteti nashriyoti ilmiy ma’lumot bazalariga 2025-yil sentyabrdan 1 oy muddatga bepul kirish uchun sharoit yaratib berishlari mumkinligini aytib o‘tdi.
E-Line Press kompaniyasi o‘z hamkori, 2016-yilda tashkil etilgan, ma’lumotlar bazasi va axborot tizimlarini boshqaruvchi hamda ilmiy va akademik tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi Clarivate kompaniyasi bazalarida O‘zDJTU tadqiqotchilari dissertatsiyalarini bepul joylash imkoni borligini ma’lum qildi.
I. Tuxtasinov mazkur kompaniya bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ta’kidlab, O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari ishtirokida chet tillari, jurnalistika va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha yangi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari yaratish va chop etish, doktorantura talabalari uchun ilmiy seminarlar tashkil qilish yo‘nalishida hamkorlik bo‘yicha o‘z takliflarini berdi. Shu bilan birga, E-Line Press kompaniyasi uchun universitetda joy ajratish hamda O‘zDJTU qoshidagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi tinglovchilari uchun hamkorlikda maxsus treninglar va seminarlar tashkil qilish o‘z samarasini berishini ta’kidlab o‘tdi.
Tomonlar kelgusida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish bo‘yicha kelishib oldilar. Uchrashuv yakunida O‘zDJTU va E-Line Press kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.