OʻzDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov boshchiligidagi delegatsiya Germaniya davlatidagi xizmat safarini 23-may kuni ham davom ettirdi.
Safarning navbatdagi manzili Mainz shahridagi Gyotenberg universiteti boʻldi. Tashrif avvalida OʻzDJTU rahbari hamda vakillari Gyotenberg universiteti rahbariyati tomonidan kutib olindi. Ikki universitet rahbariyati oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv avvalida, odatga koʻra, ikki universitet faoliyati va oʻqitish tizimi haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi va videolavha namoyish etildi.
Soʻng, ikki universitet rahbarlari kelajakda amalga oshirilishi kutilayotgan hamkorlik borasida oʻz takliflari bilan oʻrtoqlashdi. Talabalar va tajriba almashinish va bu borada sharoitlar yaratilishi haqida kelishib olindi. Kelishuvlar asosida memorandum imzolandi.
Shuningdek, Germaniyada tarjima maktabi boʻyicha yetakchi boʻlgan Mayns universitetini tarjima sohasida kadrlar tayyorlash tajribasini oʻzlashtirish va xorijlik talabalar uchun yozgi lagerlar tashkil etish borasida kelishib olindi.
Samimiy ruhda boʻlib oʻtgan uchrashuv soʻngida tomonlar oʻzlarining esdalik sovgʻalarini ulashdi.