O‘zDJTU rektori Italiyaga yo‘l olayotgan talabalarga tilaklar bildirdi
23-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov Italiya tashqi ishlar vazirligi va Peruja xorijliklar uchun universiteti granti asosida 1 oylik til va madaniyat dasturida ishtirok etish uchun jo‘nab ketayotgan Tarjimonlik fakultetining 12 nafar talabasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samarali muloqot chog‘ida Ilxomjon Tuxtasinov Italiya Respublikasi Bosh vazirining yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv doirasida ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, rektor talabalarga safar davomida O‘zbekiston madaniyati, urf-odatlari va an’analarini namoyish etish, milliy taomlar va liboslar orqali respublikamiz sha’ni, qadri va obro‘sini xalqaro miqyosda oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. U Peruja universitetining ichki tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilish, do‘stona muhitda faol ishtirok etish va yangi do‘stlar orttirish orqali O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuvda Tarjimonlik fakulteti dekani Ulug’bek Yo‘ldoshev so‘zga chiqib, talabalar va o‘qituvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar uchun universitet rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir yakunida Ilxomjon Tuxtasinov talabalarni muvaffaqiyatli safar va samarali o‘qishga chorlab, ularni qaytganlaridan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishga taklif etdi.