O‘zDJTU talabalari Gruziyaning Tbilisi davlat universitetida
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjimonlik fakultetidan saralab olingan 10 nafar talaba Gruziya Oliy ta’lim, fan va yoshlar vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “Gruzin tili va madaniyati” sertifikat dasturida ishtirok etmoqda.
Mazkur dastur Ivane Javakhishvili nomidagi Tbilisi davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, O‘zDJTU talabalari uning dastlabki onlayn bosqichida 2026-yil 27-iyuldan 14-avgustga qadar qatnashdilar. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan 10 nafar talaba fakultet o‘qituvchisi Farida Ne’matova rahbarligida 17-avgustdan boshlab dasturning amaliy bosqichida ishtirok etish uchun Tbilisiga tashrif buyurdi.

Ayni kunlarda talabalar Tbilisi davlat universitetining malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda faol qatnashmoqda.
Xususan, universitet o‘qituvchisi Nino Sharashenidze tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotda talabalar gruzin tilining grammatik tuzilishi, asosiy qoidalari hamda kundalik muloqotda qo‘llanilishiga oid bilimlarini mustahkamladilar. Amaliy topshiriqlar orqali yangi so‘zlar va grammatik konstruksiyalarni qo‘llash, gruzin tilida muloqot qilish ko‘nikmalari rivojlantirildi.
Navbatdagi mashg‘ulotlardan birini universitet o‘qituvchisi Ekaterine Pirtskhalava olib bordi. Unda talabalarga xorijiy davlatda ta’lim olish jarayonida rioya etilishi lozim bo‘lgan odob-axloq me’yorlari, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy farqlar, mahalliy an’ana va qadriyatlar, shuningdek, Tbilisida talaba sifatida yashash jarayonida e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumot berildi.

Mashg‘ulotlar davomida madaniyatlararo muloqot, turli madaniy muhitga moslashish va kundalik hayotda uchrashi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga to‘g‘ri yondashish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilar Ekaterine Pirtskhalava, Nino Sharashenidze va Emil Avdaliani tomonidan talabalarga gruzin tili, Buyuk Ipak yo‘li va Gruziyada turizm kabi mavzularda mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Dastur doirasidagi mashg‘ulotlar 4-sentabrga qadar davom etadi. 5–7-sentabr kunlari esa talabalar uchun Gruziyaning tarixiy va diqqatga sazovor shaharlari hamda maskanlariga sayohatlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur xalqaro dastur O‘zDJTU talabalari uchun gruzin tilini bevosita til muhitida o‘rganish, Gruziya tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish, madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda xalqaro ta’lim tajribasini orttirish imkonini bermoqda.
Ta’kidlash joiz, O‘zDJTU talabalari va hamroh o‘qituvchisining Gruziyada bo‘lishi, ta’lim olishi va yashashi bilan bog‘liq barcha xarajatlar Ivane Javakhishvili nomidagi Tbilisi davlat universiteti tomonidan qoplanmoqda.