O‘zDJTUda “Sun’iy intellekt va kiber sport” majmuasi ish boshladi

2026-yil 26-fevral kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hududida “Sun’iy intellekt va kiber sport” majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur majmua yoshlarning zamonaviy IT bilimlarini oshirish, sun’iy intellekt yo‘nalishida ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish hamda kiber sportni rivojlantirishga xizmat qiladi. Loyiha yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini mustahkamlash va innovatsion fikrlashini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Ochilish marosimida Bunyod Mamadjanov, Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi J. Ismatov, tuman prokurori S. Muxtarov, tuman IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik A. Baxramov hamda mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirok etdilar.

Tashrif davomida mehmonlar universitet rektori Ilxomjon To‘xtasinov va universitet vakillari bilan birgalikda ta’lim muassasasining infratuzilmasi bilan tanishdilar. Avvalo, talabalarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, xususan University Mall, “Kulolman” spin-off loyihasi, zamonaviy Kompyuter HUB xonalari va universitet huzuridagi muzey faoliyati ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, ochilish marosimi doirasida Sun’iy intellekt laboratoriyasining ramziy tasma kesish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ilxomjon To‘xtasinov so‘zga chiqib, mamlakatimizda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish, universitet oldida turgan ustuvor vazifalar hamda yoshlarning raqamli salohiyatini oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi.

Majmua va universitet infratuzilmasining zamonaviy sharoitlari yoshlar uchun amaliyot va ilmiy izlanishlarni rivojlantirishda keng imkoniyatlar yaratadi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube