O‘zDJTUda TEPS tashkiloti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
23-iyul kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreyaning Seul universitetlari kengashi huzuridagi Koreys tili bo‘yicha test tashkiloti — TEPS vakillarining rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif doirasida TEPS tashkilotining marketing bo‘yicha direktori Sungwon Lee universitet rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev hamda Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Jo‘rayev ishtirok etdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar koreys tilini universitetda o‘qitish sifatini oshirish, o‘quv jarayonini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, koreys tili bo‘yicha xalqaro tan olingan TOPIK testlarini tashkil etish, ularni universitet negizida o‘tkazish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, koreys tili o‘qituvchilari orasidan malakali ekspert-ekzamenatorlar tayyorlash, universitet bitiruvchilarini Koreyaning Seul shahrida ish bilan ta’minlash bo‘yicha ham hamkorlik qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv davomida tomonlarni o‘zaro qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, manfaatli takliflar ilgari surildi.
Mazkur tashrif O‘zDJTU va TEPS o‘rtasidagi xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlash, koreys tilini o‘qitish va baholash tizimini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.