3 – oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda “O‘zbekiston – Germaniya” do‘stlik jamiyati hamkorligida O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi va Germaniya birligi kuni (nem. Tag der Deutschen Einheit) - milliy bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston OTMlarining nemis tili yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida “Eng yaxshi PowerPoint taqdimoti” tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda yurtimizning yetakchi universitetlari, JIDU, O‘zbekiston milliy universiteti, Nizomiy nomli TDPU, Chirchiq DPU hamda O‘zDJTU talabalari o‘zaro bellashdilar. Tadbir O‘zDJTU Roman-german filologiyasi fakultetining ma’naviyat markazida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni fakultet dekani H. Hakimov ochib berdi. H. Hakimov 16-17 sentyabr kunlaridagi Germaniya kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga ilk tashrifi ushbu tanlovning dolzarbligini yanada oshirganligini, O‘zbekiston – Germaniya o‘rtasida barcha sohalaridagi munosabatlarining buguni rivoji o‘zaro hurmat va manfaatdorlik tamoyillariga asoslanganligini, strategik sheriklikni yanada muvaffaqiyatli rivojlantirishda “O‘zbekiston – Germaniya” do‘stlik jamiyati mustahkam poydevor bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.
So‘zga chiqqan “O‘zbekiston – Germaniya” do‘stlik jamiyatining raisi Yu. Ismailov, Olaf Sholzning Markaziy Osiyoga, xususan O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi ekanligini va bu tashrif chog‘ida Kansler Olaf Sholsga Germaniya mamlakatining yetakchi investitsiya, sanoat va savdo kompaniyalari vakillari hamrohlik qilganligi, O‘zbekiston-Germaniya sammitini ko‘p qirrali munosabatlarida yangi bosqich boshlanganligini, bu o‘z navbatida xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga, jamiyat O‘zbekiston OTM bilan, xususan O‘zDJTU bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Jamiyat raisi ushbu tanlovni o‘tkazishda o‘z yordamini ayamagan O‘zDJTU rahbariyatiga, shuningdek Germaniyaning Toshkent shahridagi elchixonasi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Tanlovga Germaniyaning Toshkent shahridagi elchixona xodimi Efa Shnayder, Germaniyalik mutaxassis Yohanna Mayer, hamda “O‘zbekiston – Germaniya” do‘stlik jamiyati yetakchi mutaxassisi Mohira Abdullaevalar hakamlik qildilar.
Tanlov natijalariga ko‘ra go‘liblik quyidagi OTM talabalariga nasib qildi:
1-o‘rin-Chirchiq DPU;
2-o‘rin-O‘zDJTU;
3-o‘rin JIDU.
Tanlovda ishtirok etgan barcha jamoalar “O‘zbekiston–Germaniya” do‘stlik jamiyatining va Germaniyaning Toshkent shahridagi elchixonasining sovg‘alari bilan taqdirlandilar.