TIKA loyiha koordinatori bilan uchrashuv tashkil etildi
2026-yil 14-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Toshkentdagi Turkiya xalqaro hamkorlik agentligi (TIKA) loyiha koordinatori bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda TIKA tashkiloti loyiha koordinatori Esin Ajar Ergin xonim hamda Turkiyalik volontyor-o‘qituvchi Iqbol Guler ishtirok etdi. Universitet tomonidan O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Tarjimonlik fakulteti dekani U. Yo‘ldoshev hamda turk tili o‘qituvchisi D. Axmedjanova qatnashdi.
Uchrashuv davomida Tarjimonlik fakultetida TIKA moliyaviy ko‘magida “Turk tili tarjima markazi” hamda “Sinxron tarjima laboratoriyasi”ni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, loyiha doirasida tashkiliy ishlar, moddiy-texnik ta’minot hamda moliyalashtirish (grant) masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar mazkur loyiha turk tilini o‘qitish sifatini oshirish, zamonaviy tarjima ko‘nikmalariga ega malakali mutaxassislar tayyorlashда muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida mehmonlar universitet rektori hamrohligida Turk tili tarjima markazi hamda sinxron tarjima laboratoriyasini tashkil etish uchun ajratilgan xonalar bilan tanishtirildi. Ushbu xonalarni TIKA moliyaviy ko‘magida Tarjimonlik fakulteti huzurida zamonaviy o‘quv adabiyotlari va moddiy-texnik baza bilan jihozlash rejalashtirilgan.
– Turk tili O‘zDJTUda 1992-yildan buyon o‘qitib kelinadi, 2023-yildan esa tarjimonlik yo‘nalishida mustaqil til sifatida joriy etilgan;
– Hozirda universitetda turk tilini birinchi til sifatida o‘rganayotgan 17 ta guruhda 260 nafar talaba tahsil olmoqda;
– Ingliz tili va Xalqaro jurnalistika fakultetlarida turk tili ikkinchi til sifatida ham o‘qitilib, ushbu yo‘nalishda 220 nafar talaba ta’lim olmoqda;
– Jami 480 nafar talaba turk tili va adabiyoti hamda turk tili tarjimonligi yo‘nalishlarida tahsil olmoqda;
– TIKA moliyaviy ko‘magida Tarjimonlik fakultetida Turk tili tarjima markazi va sinxron tarjima laboratoriyasini jihozlash rejalashtirilgan.