Toshkent Fransuz Alyansi 10 yilligini keng nishonladi

 

17-aprel kuni Yoshlar ijod saroyida Toshkentdagi Fransuz Alyansi tashkil topganining 10 yillik yubileyi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu marosim Fransuz Alyansi direktori Dilshod Ahmedov tashabbusi bilan tashkil etildi.

 

Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov ishtirok etdi. Shuningdek, yubiley marosimida Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oreliya Bushez xonim, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adxam Ikramov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov, Toshkent Fransuz Alyansi raisi Shoazim Minovarov, taniqli ziyoli Qodir Jo‘rayev, O‘zDJTU xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Abduraxim Nosirov, shuningdek, yurtimizdagi frankofon mehmonlar va fransuz tili o‘qituvchilari ham ishtirok etdilar.

 

 

Fransuz Alyansi o‘tgan o‘n yil davomida yiliga 1400 ga yaqin turli yoshdagi o‘quvchilarga fransuz tilini o‘rgatib kelmoqda. Shuningdek, Alyans DELF va DALF xalqaro imtihon markazi sifatida faoliyat yuritib, ko‘plab o‘zbekistonlik o‘quvchilarga fransuz tilini bilish darajasini rasmiy tasdiqlash imkoniyatini yaratmoqda.

 

Ta’limiy faoliyatdan tashqari, Fransuz Alyansi – bu Fransiya madaniyati va qadriyatlarini yaqindan tanishtiradigan markaz bo‘lib, Espace Campus France platformasi orqali Fransiyada tahsil olishni istagan o‘zbekistonlik talabalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynab kelmoqda.

Tadbir davomida O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov nutq so‘zlab, Fransuz Alyansi jamoasini yubiley bilan samimiy muborakbod etdi, tabriknoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

 

Tantanali marosim yakunida taniqli fransuz pianinochisi Fransua Shaplen tomonidan Klod Debyussi, Erik Sati va Frederik Shopen kabi bastakorlarning asarlari mahorat bilan ijro etildi. Musiqiy chiqish mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube