15-oktyabr kuni OʻzDJTU rektori I.Tuxtasinov Britaniyadagi Portsmut universitetining Gumanitar va ijtimoy fanlar fakulteti ijrochi dekani Stefen Korbettni qabul qildi.
Muloqot chogʻida OʻzDJTU faoliyati, xalqaro hamkorliklar va ingliz tili boʻyicha malakali kadrlarni tayyorlashda olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ilxomjon Madaminovich Portsmut universiteti bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, talaba va tadqiqotchilar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, oʻqituvchilar malakasini oshirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish boʻyicha takliflarni ilgari surdi. S.Korbett 1+1 formatdagi Ingliz tili TESOL mutaxasisligi boʻyicha qoʻshma magistratura dasturini yoʻlga qoʻyish bilan ish boshlash ijobiy natija berishini taʼkidlab oʻtdi. Eng asosiy masala – shartnoma-toʻlov miqdorining kattaligi, yaʼni xorijiy talabalar uchun yiliga 16 000 funt sterling, mahalliy talabalar uchun esa 9 500 funt sterling ekanligini maʼlum qildi. Shuningdek, dastur doirasida tahsil oladigan talabalar uchun toʻlov miqdorini kamaytirish imkoniyati oʻrganib chiqilishi, ikkinchi bosqichda talabalarga oʻqituvchi sifatida ishlash va oylik hisobiga shartnoma toʻlovining muayyan qismini qoplash mumkinligini aytib oʻtdi.
OʻzDJTU rektori 3+1 formatida bakalavr taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha ham qoʻshma taʼlim dasturini amalga oshirish, bunda 4-bosqichning birinchi semestrida Portsmut universiteti professor-oʻqituvchilarini OʻzDJTUga taklif qilish, mashgʻulotlarni shu yerda tashkil etish, ikkinchi semestrda talabalarni Portsmut universitetiga yuborish toʻlov miqdorini sezilarli daraja qisqartirish imkonini berishini taʼkidladi. S.Korbett OʻzDJTU oʻqituvchilarini ham ushbu jarayonga jalb qilish mumkinligini eʼtirof etdi.
Bundan tashqari, talabalar almashinuvi, ular uchun stajirovka va amaliyot dasturlari, xususan, yozgi va qishki lagerlar tashkil qilish aloqalarni yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi borasida fikr almashinildi.
Stefen Korbett moliyaviy masalalar boʻyicha kelishuvga erishilgandan soʻng, qoʻshma taʼlim dasturi oʻquv reja va dasturlarini 2025-yil yanvar oyigacha ishlab chiqish va kelishish hamda shartnomani imzolash maqsadga muvofiqligini maʼlum qildi.
Tomonlar tashkiliy va moliyaviy masalalarni onlayn formatda muhokama qilish va imkon qadar qisqa muddatlarda tegishli hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha kelishib oldilar.