Universitetda tayanch doktorant, doktorant va mustaqil izlanuvchilarning yarim yillik monitoringi boshlandi
Joriy yilning 15–19-iyun kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tayanch doktorant, doktorant hamda mustaqil izlanuvchilarning navbatdagi yarim yillik monitoringi o‘tkazilmoqda.
Monitoring universitetning Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning ochilishida universitet rektori I. Tuxtasinov hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov so‘zga chiqib, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, dissertatsiya ishlari ijrosini jadallashtirish va ilmiy natijadorlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Mazkur monitoring O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori hamda universitetning D/57-sonli buyrug‘i asosida tashkil etilmoqda. Jarayon davomida 1-, 2- va 3-bosqich tayanch doktorantlar, doktorantlar hamda mustaqil izlanuvchilarning ilmiy faoliyati tasdiqlangan mezonlar asosida tegishli komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Monitoring doirasida izlanuvchilarning dissertatsiya mavzulari bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy izlanishlari, ilmiy maqolalari, konferensiyalardagi ishtiroki, individual reja ijrosi hamda ilmiy faoliyati har tomonlama baholanmoqda.
Mazkur monitoring ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimida sifat va samaradorlikni oshirish, izlanuvchilarning ilmiy faoliyatini muntazam tahlil qilib borish hamda ularning ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
