O‘zDJTU vakillari Indoneziya Oliy ta’lim muassasalarida
2025-yil 7-fevral kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro ishlari bo‘yicha prorektor Abdurahim Nasirov va kafedra mudiri Azimjon Yuldashev Indoneziya davlat universitetining Gumanitar fanlar fakultetiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida ikki tomon talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, grantlardan foydalanish imkoniyatlari va xalqaro ilmiy hamkorlik masalalari bo‘yicha keng muhokamalar o‘tkazildi.
Indoneziya tomoni tomonidan fakultet dekani Dr. Bondan Kanumoyasa, M.Hum, dekanning o‘rinbosari Dr. Untung Yuwono, S.S, rus tili kafedrasi mudiri Dr. Thera Widyastuti, xalqaro bo‘lim mas’ul xodimi Eva Latifah, S.S., PhD va Dr. Ahmad Fahrurodji ishtirok etdilar. Muzokaralar davomida Indoneziya vakillari O‘zDJTU vakillariga rus tilini o‘rganayotgan talabalarni O‘zDJTUga yoki yozgi lager dasturlariga yuborish, shuningdek, O‘zDJTU talabalarining bir semestr davomida Indoneziya universitetida tahsil olish imkoniyatlari bilan bog‘liq takliflar bildirdilar. Bundan tashqari, universitetning chet tillarini o‘rganish bo‘yicha platformalaridan foydalanish va Scopus bazasida indekslangan Wacana jurnalida maqolalar chop etish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida xalqaro hamkorlik bo‘yicha kelishuv hujjati imzolandi va sovg‘alar almashildi. Tashrif chogʻida O‘zDJTU delegatsiyasiga universitetning sobiq bitiruvchisi, Indoneziya-Malayziya bo‘yicha ekspert Kahramon Yuldashev va indoneziyalik mutaxassis Amir Hamza hamrohlik qildi.
Ma’lumot uchun:
Indoneziya davlat universiteti 1950-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Jakarta shahrida 40 gektardan ortiq hududda joylashgan talabalar shaharchasiga ega. Hozirgi kunda universitetda 15 ta fakultet, 12 ta institut va 8 ta markaz faoliyat yuritmoqda. Universitet QS reytingida 206-o‘rinda turib, taxminan 40 ming talabaga ega bo‘lib, ulardan 5000 nafari xalqaro talabalardir.
Gumanitar fanlar fakultetida bakalavriat darajasida quyidagi yo‘nalishlar mavjud: arab, xitoy, ingliz, fransuz, nemis, indonez, yapon, koreys, rus, golland tillari; shuningdek, tarix, arxeologiya, kutubxona ishi kabi mutaxassisliklar o‘qitiladi. Magistratura bosqichida lingvistika, adabiyotshunoslik, arxeologiya, tarix va falsafa yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beriladi; doktorantura darajasida esa lingvistika, adabiyotshunoslik, tarix, arxeologiya, falsafa va informatika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim va ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.
Gumanitar fanlar fakulteti har yili 200 ta turli xil grantlar e’lon qilinadi, O‘zDJTUning bakalavr, magistr va doktorantlari 2025 va undan keyingi yillar uchun shu kabi grantlardan foydalanish imkoniyatlari ma’lum qilindi.
Amaliyotchi:Ochildiyeva O'g'iloy