Britaniya–O‘zbekiston ta’lim forumi doirasida Angliyada bo‘lib turgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori O. Yusupov London Metropolitan hamda University College London (UCL) universitetlariga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida ushbu oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan rasmiy uchrashuvlarda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, tarjimonlar tayyorlash, tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishida faoliyat yurituvchi o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish, shuningdek, qo‘shma ilmiy-amaliy anjumanlar hamda seminar-treninglar o‘tkazish masalalari muhokama qilinib, muhim kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuvlar davomida O. Yusupov universitet faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, xalqaro reytinglardagi o‘rni, ta’lim jarayonini takomillashtirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish borasidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tomonlar hamkorlik istiqbollari va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yo‘nalishida fikr almashdilar. Tashrif natijasida ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy kelishuvlarga erishildi.