“1 kitob – 1000 do‘st” loyihasi Qo‘ng‘irotda

“1 kitob – 1000 do‘st” loyihasi Qo‘ng‘irotda

Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilayotgan “Do‘stlik festivali” doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 43-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi.

Tashrif universitet Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan “1 kitob – 1000 do‘st” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha doirasida maktab kutubxonasiga 600 ga yaqin badiiy, ilmiy-ommabop hamda ma’rifiy adabiyotlar sovg‘a qilinib, o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning bilim va tafakkurini boyitishga hissa qo‘shildi.

 



Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolari maktab pedagoglari va o‘quvchilari bilan muloqot qilib, ta’lim-tarbiya, kitobxonlik madaniyati, xorijiy tillarni o‘rganish hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashning ahamiyati haqida fikr almashdilar. O‘quvchilar tomonidan namoyish etilgan badiiy chiqishlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Ma’lumot o‘rnida, Qo‘ng‘irot tumanidagi 43-sonli umumta’lim maktabi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Avezimbetovich Sharipov tahsil olgan ta’lim maskanlaridan biri hisoblanadi.

Mazkur tashrif ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, kitobxonlikni keng targ‘ib etish va yoshlarni ilm-ma’rifat sari ruhlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube