2026/2027-o‘quv yili qabul jarayonlarini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi

2026/2027-o‘quv yili qabul jarayonlarini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi

2026-yil 7-iyul kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i A. Mamanazarov hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Qabul komissiyasi a’zolari ishtirokida ZOOM platformasi orqali 2026/2027-o‘quv yili uchun bakalavriat va magistratura ta’lim bosqichlariga qabul jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida qabul jarayonlarini amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida tashkil etish, ularning ochiqligi, shaffofligi va xolisligini ta’minlash, abituriyentlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda qabul tadbirlarida ishtirok etuvchi mas’ul xodimlarning vazifa va mas’uliyatlari yuzasidan muhim masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, magistratura ta’lim bosqichiga qabulni tashkil etish, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni belgilangan tartib va mezonlar asosida o‘tkazish, ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha qabul jarayonlari, texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish, milliy va xalqaro sertifikatlarni qabul qilish hamda o‘qishni ko‘chirish jarayonlarini belgilangan tartib asosida amalga oshirish masalalari yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Muhokamalar davomida qabul jarayonlarini samarali tashkil etish, murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etish hamda barcha bosqichlarda shaffoflik va adolatlilik tamoyillariga amal qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida universitetning qabul jarayonlariga mas’ul etib biriktirilgan xodimlariga xizmat vazifalarini vijdonan va mas’uliyat bilan bajarish, qabul tadbirlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, belgilangan tartib-taomillarga so‘zsiz amal qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlarning oldini olish hamda abituriyentlar va ularning ota-onalariga tezkor va sifatli axborot xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube